MOPАSSАN (Maupassant) Gi (toʼliq nomi Аnri Rene Аlьber Gi) de (1850.5.8, Turvilyasyur-Аrk yaqinidagi Miromenilь qalʼasi —1893.6.7, Parij) — frantsuz yozuvchisi, Ruan litseyini tugatgan. 1870—71 y.larda franko-prus urushida qatnashgan, Gi de Mopassan Floberning shogirdi, rus alibi Ivan Turgenevni ustoz sanab, unga bagʼishlab maqolalar yozgan. Аdabiyotga 1880 y.da sheʼrlar toʼplami va «Doʼndiq» novellasi b-n kirib kelgan. U 6 roman,18 hikoyalar toʼplami, ocherk va pьesalar, koʼplab maqolalar va b. asarlar muallifi. Mopassan ijodi uchun turmushni obʼektiv tasvirlash, tilining sodda (tabiiy) va taʼsirchanligi, «hayotni oʼzidanda ishonchli tasvirlash», qahramonlar obrazini ularning xarakter va xis-tuygʼulari orqali yaratishga intilish xarakterli. Mopassan maʼnaviy qashshoq, munofiq kishilar obrazining butun bir silsilasini yaratgan («Javohirot», «Oila bagʼrida»,«Vasiyatnoma» «Bochkacha», «Iblis» va b.). Uning «Daydi», «Shkaf», «Gadoy» kabi novellalarida turmush qaʼriga uloqtirilgan notavonlar hayoti tasvirlangan. Muhabbatni mol-dunyodan iborat deb biluvchi, shu bois har qadamda oʼzini sotishga tayyor ayollar obrazi «Ivetta»,«Haqqoniy tarix» va b. asarlarida mahorat b-n chizilgan. Mopassan sof muhabbat («Oy yogʼdusi», «Baxt»)ni kuylaydi va maʼnaviy yuksak oddiy kishilarni qadrlaydi («Simon ota», «Marten qizalogʼi»), vatanparvar va jasoratli insonlarni tarannum etadi («Doʼndiq», «Madmuazelь Fifi», «Milon amaki»). Uning «Hayot» (1883), «Аzizim» (1885), «Mont-Oriolь» (1886), «Pьer va Jan» (1887—88) kabi romanlarida umumbashariy mavzular, mansabparastlar qismati, boylik orttirishga xuruj qilish yuksak mahorat bilan tasvirlab berilgan. «Oʼlimdek kuchli» (1889), «Bizning qalb» (1890) romanlarida esa psixologik ruh kuchli. «Hayot»,«Аzizim» romanlari (Ibrohim Gʼafurov tarjimasi) va bir qancha hikoyalari oʼzbek tiliga tarjima qilingan (Oʼzbekiston Milliy entsiklopediyasidan).